Xalqaro valyuta jamg'armasi delegatsiyasi bilan uchrashuv

Joriy yilning 9-dekabr kuni Moliya vaziri Timur Ishmetov va Ron van Ruden rahbarligida O'zbekistonda IMF missiyasi o‘rtasida uchrashuv o'tkazildi.

Uchrashuvda Moliya vazirligi tomonidan Moliya vaziri o'rinbosarlari Axadbek Haydarov, Dilshod Sultonov, Odilbek Isakov ishtirok etdi. XVJ tomonidan XVJning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Janob Kevin Ross, XVJ iqtisodchisi Janob Moayad Al-Rassasi, XVJ Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq bo'limi katta iqtisodchisi Janob Lorence Dvayt ishtirok etdi.

Uchrashuv doirasida 2021-yilda budjetning kutilayotgan ijrosini baholash, 2022-yilgi budjet loyihasi, amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarni davom ettirish, jumladan, soliq ma'murchiligini takomillashtirish, fiskal xatarlarni baholash, shuningdek, soliq-budjet sohasining boshqa masalalari muhokama qilindi. XVJ missiyasi vakillari tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlarni ijobiy baholadilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar va XVJ tomonidan texnik yordamning asosiy yo'nalishlarini muhokama qildilar.

XVJning O'zbekistondagi missiyasi tashrifi doirasida joriy yilning 1-10 dekabr kunlari Moliya vazirining birinchi o'rinbosari Omonullo Nasritdinxo'jayev, Moliya vaziri o'rinbosarlari Axadbek Haydarov, Odilbek Isakov va Dilshod Sultonov bilan 2022-yilgi budjet loyihasi, davlat qarzi, kapital bozorlarini rivojlantirish va soliq ma'murchiligi kabi masalalar yuzasidan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.