Xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-oktabr kuni elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari bu borada xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlar, o‘zlashtirilishi kutilayotgan modellar haqida axborot berdi. Elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.

“Elektromobillar kundalik hayotimizga jadal kirib boryapti. Import oshyapti. Nima uchun? Chunki talab bor. Bunday mashinalarning xarajati kam. Eng muhimi, odamlarimiz shuni ma’qul ko‘ryapti. Shunday ekan, xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Elektromobillarning yurish xarajati oddiy avtomobilga nisbatan 10 baravar, tabiatga zarari esa 3 baravar kam. Rivojlangan mamlakatlarda bunday transportlardan foydalanish ko‘paymoqda. Albatta, buning uchun katta infratuzilma kerak.

“Har bir qarorimizda bir yillik emas, o‘n yilliklarni ko‘zlashimiz kerak. Ekologiyani inobatga olib, kelajakni inobatga olib, bu tarmoqni hozirdan rivojlantirishimiz zarur. Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi. Boshqa elektromobil kompaniyalari ham keladi”, – dedi Prezident.

Shu bois, sohada tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan qo‘shma korxona tashkil qilib, ommabop elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari elektrombillarning narxi arzon bo‘lishi kerakligiga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, mahalliy elektromobil xaridi uchun olingan kredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilandi. Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Kelgusi ikki yilda joylarda ikki mingta quvvatlash stansiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi.