«Xalqning o‘zi ham muxolifat bo‘lishi mumkin» – Tanzila Narbayeva

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi muxolifat haqidagi savolga javob berdi. Suhbat yuqori palata raisining yaqinda Vashingtonga tashrifi doirasida tashkillashtirilgan.

Amerika media kompaniyasi jurnalisti Navbahor Imomova xalqaro tashkilotlar o‘z hisobotlarida O‘zbekistonda siyosiy raqobat, siyosiy maydon va parlamentda muxolifat yo‘qligini qayd etayotganini ta’kidladi. U Senat raisidan nima uchun O‘zbekistonda haligacha haqiqiy muxolifat yo‘q degan savolga qanday javob berishi mumkinligini so‘radi.

“Muxolifat nimaga yo‘q? Bor-ku, hamma yoqda tanqid bo‘lyapti. Lekin, bu institutsional ravishda tashkil topishi uchun vaqt kerak. Hozir fikr erkinligi (bor). Internetda parlamentga ham, rahbariyatga ham, hukumatga ham va hokazolarga keskin fikrlar bildiriladi. Mana shuni o‘zi ham muxolifat emasmi? Xalqning o‘zi ham muxolifat bo‘lishi mumkin” — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday rivojlangan davlatda, hatto hamma to‘q va eng rivojlangan davlatlarda ham xalq orasida norozilik bo‘lib turadi. “Bu normal holat deb hisoblayman”, — dedi Senat raisi.

Tanzila Narbayevaning ta’kidlashicha, hozirda yuqori idoralar vakillari fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ularga javob berish uchun “pastga” tushgan.

“Hozir “tepa” “past”ga tushgan. Mana hozir OAVda kuzatsangiz, har bir vazir, Oliy sud raisi, Bosh prokuror bo‘ladimi, pastga tushgan. Aholida “tepa”, “past” degan tushunchalar bo‘lmasligi uchun prezident Mirziyoyev barcha amaldorlarni “pastga” tushirgan. Fuqarolar qayerga murojaat bilan bormasin, ularning muammosi tinglanadi”, — dedi u.