Xitoy Mars sayyorasi yuzasini o'rganishni boshladi

Xitoyning "Chjujun" deb nomlangan Qizil sayyorada yurishga mo'ljallangan texnologiyasi Marsga muvaffaqiyatli qo'ndi va endilikda sayyoraning tuprog'i, ionosferasi va iqlimini o'rganadi.

15 may kuni Mars sayyorasini o'rganish bo'yicha "Tyan'ven'-1" nomi ostidagi Xitoy kosmik kemasi birinchi marta boshqa sayyoraga qo'ndi. Bu haqda "TASS" axborot agentligi Xitoy Milliy kosmik boshqarmasi tomonidan berilgan ma'lumotlarga asoslanib xabar qildi.

"Tyan'ven'-1" sayyoralararo kosmik stansiya bo'lib, 13 ta ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. U 2020 yil 23 iyulda ishga tushirildi hamda 2021 yil fevral oyida kosmik kema Mars orbitasiga yetib keldi. Kosmik kema Mars yuzasida 92 kun davomida qoladi. Shuningdek, ushbu uskuna Qizil sayyora yuzasi tasvirlarini 3D formatida suratga olish uchun yuqori aniqlikdagi topografik kamera, tuproq tarkibini o'rganish uchun multispektral kamera, 10 dan ortiq kimyoviy elementlarni tanib olish qobiliyatiga ega sirt tuzilishi analizatori va magnit maydon detektorlari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, -120 dan 50 darajagacha o'zgarishdagi haroratni, atmosfera bosimini 1 dan 1000 paskalgacha va shamol kuchini 0 dan 27 m/s gacha bo'lgan o'zgarishlarni qayd etish imkoniga ega bo'lgan meteorologik o'lchov asbobi bilan ham jihozlangan.