Xitoylik professor «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universitetiga prorektor etib tayinlandi

2022-yil 1-oktabrdan xitoylik professor Tongqian Zou Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida ish boshladi.

Professor Tongqian Zou Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti maslahatchisi, Milliy ijtimoiy fanlar fondi bosh eksperti, Xitoy madaniyat va turizm akademiyasi dekani lavozimlarida ishlagan. Xususan, 2006-yildan 2013-yilgacha Pekin xalqaro tadqiqotlar universitetining turizm menejmenti kafedrasi dekani lavozimida faoliyat olib borgan. 2013-yildan hozirgacha Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Shuningdek, 2019–2020-yillarda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori maslahatchisi lavozimida ishlagan, 2020-yil oktabr oyida “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Professor Tongqian Zou ushbu lavozimga Pekin xalqaro tadqiqot universiteti prezidenti Ji Jinbiao tomonidan tavsiya etilgan.

Ma’lumot uchun, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yil iyun oyida Sindao (XXR) shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Sammiti doirasida tashkil etilgan. O‘zbekistonda xalqaro turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash maqsadida universitetga xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (AQSh, Xitoy, Hindiston, Fransiya, Yaponiya, Avstraliya, Turkiya) turizm va madaniy meros sohasida ishlagan 10 dan ortiq xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.