Xiva shahriga tezyurar poyezd qatnovi yo'lga qo'yiladi

Qayd etilishicha, “Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yo‘l yetib bordi va yangi vokzal ishga tushirildi. 2024-yilda esa tezyurar poyezdini Xivaga olib kelish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasidagi avtomobil yo‘li bo‘yida 100 dan ziyod zamonaviy servis obyektlari barpo etiladi.

Yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha poytaxt aeroportidan keyingi o‘rinda turadigan Urganch xalqaro aeroporti esa kelgusi 2 yilda rekonstruksiya qilinib, yirik turistik transport xabiga aylantiriladi.

Undan tashqari, Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasini qurilish boshlandi. Bu yerdagi 130 gektardan ziyod hududda Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashgan maktabi, Al-Xorazmiy markazi, buyuk bobomizning ulug‘vor haykali bunyod etiladi.

Shuningdek, bu yerda texnopark, ishlab chiqarish zonasi va ofislar, tibbiyot, innovasiya va madaniyat markazlari, maktab va bog‘chalar, yashil maydon va xiyobonlar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar, eng muhimi, aholi uchun 104 ta ko‘p qavatli zamonaviy uylar barpo etiladi.

P.S. 29-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi haykalini ochib berdi. Prezident tadbirda so'zlagan nutqida, kelgusi 5 yilda viloyatda yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, xorijiy turistlar soni 10 barobar oshirilishi ya’ni yarim milliongacha yetkazilishini ta'kidladi.