Xorazmda investitsiya loyihalarini ilgari surishning yangi mexanizmi

Joriy yilning 7 - yanvar kuni Xiva shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Xorazm viloyatidagi tuman va shahar boʼlinmalari rahbarlari hamda xodimlari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Yigʼilishda viloyatning tuman va shaharlarida investitsiyalarni ragʼbatlantirish, sanoatni rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirishning yangi tizimini joriy etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Joylarda iqtisodiy salohiyatni oʼrganish, istiqbolli yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish, loyihaviy boshqaruv, tadbirkorlar bilan ishlash va ishga tushirilgan ishlab chiqarish obyektlari faoliyatini monitoring qilishning yangi usullari koʼrib chiqildi.
Taʼkidlandiki, yangi tizimga muvofiq, viloyatda amalga oshirilayotgan har bir loyihaga masʼul xodim - “Loyiha menedjeri” biriktirilishi koʼzda tutilgan. Uning vazifalari loyiha tashabbuskorlariga biznes – reja va loyiha hujjatlarini tayyorlash, yer uchastkalarini olish va moliyalashtirish masalalarini hal etish, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish, loyihani amalga oshirishni qoʼllab-quvvatlash va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishda koʼmaklashishdan iborat boʼladi.
Viloyat tuman va shaharlarining bugungi ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʼrganish, mavjud “oʼsish nuqtalari”ni ishga solib aholi hayot sifatini yaxshilash va uning bandligini oshirish boʼyicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan harakatlarni faollashtirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Vazirlikning Xorazm viloyatidagi tuman va shahar boʼlinmalari xodimlari mahalliy tadbirkorlar bilan ishlash jarayonida shakllangan koʼnikmalardan samarali foydalanish boʼyicha manzilli topshiriq va koʼrsatmalar oldilar.






