Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining TEXNOPARK MChJga tashrifi

Joriy yilning 5-aprel kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar, kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha hamkor davlatlarning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va vakillarining Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan “TEXNOPARK” MChJga tashrifi tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilariga yurtimizda zamonaviy inshootlarni qurish va ulardan samarali foydalanishda respublikaning iqtisodiy va texnologik salohiyatini aniq namoyon etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ayni paytda Samarqand viloyatining Urgut tumanida “O‘zbekiston – ShHT” sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Mazkur loyihaning ishga tushirilishi ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorligini yanada chuqurlashtirishga qo‘shimcha turtki beradi.

Xorijiy diplomatlar “TEXNOPARK”da ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari, maishiy texnika turlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, diplomatik korpus vakillari lift va eskalatorlar, maishiy va tijoriy muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, “smart” hisoblagichlar, konditsionerlar, suv nasoslari va qoliplar ishlab chiqarish sexlariga tashrif buyurdi.

“TEXNOPARK” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori S.Ahadov diplomatik missiyalar vakillariga 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori tashkil etilgan mazkur zamonaviy majmua faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan loyihalar xususida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov ham ishtirok etdi.