Xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston tarixiga oid 9000 dan ortiq madaniy boyliklar aniqlandi

Madaniy meros agentligi axborot xizmati xabariga ko’ra, hozirgi kunga qadar dunyoning 40 ga yaqin mamlakatida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid 9000 dan ortiq uy-ro‘zg‘or ashyolari, arxeologik topilmalar, turli taqinchoqlar, qo‘lyozmalar, hujjatlar, to‘qimachilik ashyolari, musiqa asboblari kabi madaniy boyliklarga oid ma’lumotlar to‘plandi.

Ta’kidlanishicha, ushbu boyliklarning 44 foizini qo‘lyozmalar tashkil etayotgani bois, ularni o‘rganish va targ‘ib qilish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan o‘lkamiz tarixi va madaniyatiga oid qo‘lyozmalarni aniqlash, o‘rganish va nusxalarini O'zbekistonga olib kelish yo‘nalishida 2022-yilda 330 ta madaniy ashyo – 173 ta qo‘lyozma, 157 ta muzey eksponatiga oid ma’lumotlar aniqlandi va ularning ilmiy tavsifi amalga oshirildi.

Dastlabki natija sifatida “O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reestri. Tom 1”. monografik tadqiqot o‘zbek, ingliz va rus tillarida 1000 nusxada chop etildi hamda O'zbekiston va xorijdagi 40 ga yaqin mamlakatdagi ilmiy-madaniy muassasalar, tashkilotlarga taqdim etilgan.

Bugungi kunga kelib mazkur Reestrning 2- va 3-tomlari hamda Alisher Navoiy qalamiga mansub “Badoe al-bidoya”ning Turkiyada saqlanayotgan noyob qo‘lyozmasining ilmiy faksimilesi nashrga tayyorlandi.

2022-yildagi yana bir ilmiy muvaffaqiyat Agentlik xodimi, falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirovning bevosita tashabbusi va rahbarligi ostida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi oliy o‘quv yurtlari kutubxonalarida saqlanayotgan allomalarimiz qalamiga mansub qo‘lyozmalarga taalluqli ma’lumotlarni qamrab olgan birinchi risola – “Habibullaev A. Ajdodlar merosi: AQShdagi qo‘lyozmalar” nashr etildi. Risolada quyidagi 13 ta kutubxonaning fondlarini o‘rganish natijasida ularda 31 nafar olim qalamiga mansub 123 ta asarning 556 ta qo‘lyozma nusxasi haqida ilmiy tavsifni o‘z ichiga qamrab olgan ma’lumotlar berilgan.