Xyuston universiteti olimlari narkotikka qarshi vaksina ishlab chiqdi

“Daily Mail” xabariga ko’ra, AQSHning Xyuston universiteti olimlari ilk bor narkotikka qarshi vaksina ishlab chiqdi.
Mazkur tadqiqot giyohvandlikka qarshi kurashda yutuq bo‘lishi mumkin. Ishlab chiqilgan vaksina narkotikning kalamushlar miyasiga kirishini to‘sgan va giyohvandlikning oldini olishda muvaffaqiyatli bo‘lgan.
Vaksina bilan emlanganda bemorning qonida narkotikni ushlab turadigan va uning miyaga kirishiga to‘sqinlik qiladigan antitanachalar paydo bo‘ladi. Xyuston olimlari vaksinada narkotik, immunogen oqsil va protein yordamchisidan foydalangan. Kalamushlar emlanganidan olti hafta o‘tgach, narkotikning miyaga borishi to‘sib qo‘yilgani tasdiqlangan. Qayd etilishicha, preparat kalamushlar miyasidagi giyohvand modda miqdorini o‘n baravar kamaytirgan.
Bundan tashqari, hech qanday salbiy ta‘sir kuzatilmagan. Vaksina natijasida paydo bo‘lgan immunitet qanchalik barqaror ekani hali aniq emas. Olimlar uning ta‘sirini emlashdan boshlab 10 hafta ichida kuzatadi.






