Yangi banknotlar chiqariladi

Markaziy bank tomonidan qiymati 5 000 (besh ming) so'm va yangi namunadagi 10 000 (o'n ming) so'm bo'lgan banknotlar chiqariladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
19 avgust kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Majlisida 2021 yil 26 avgustda Senatning o'n sakkizinchi yalpi majlisini chaqirish to'g'risida qaror qabul qilindi. Yig'ilish davomida yalpi majlisda, shu jumladan, banknot haqida ko'rib chiqiladigan masalalar e'lon qilindi.
"Kengash majlisida Markaziy bank tomonidan qiymati 5 000 (besh ming) so'm va yangi namunadagi 10 000 (o'n ming) so'm bo'lgan banknotlarni chiqarish masalasi ko'rib chiqildi", - deyiladi Senat bayonotida.
Eslatib o'tamiz, 2013-yil iyun oyida Markaziy bank qiymati 5 ming so'm, 2017-yil mart oyida 10 ming so'm bo'lgan banknotni muomalaga kiritgan edi.






