Yangi shaharchaning bosh rejasi ko‘rib chiqildi

Davlatimiz rahbari, Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni “Yangi Namangan” shaharchasining ikkinchi bosqichi loyihasi bilan tanishdi.

Namangan shahri ham iqtisodiyot, ham nufuz jihatidan o‘sib bormoqda. So‘nggi besh yilda shahar aholisi 152 ming nafarga ko‘paygan. Shu davrda 300 dan ziyod ko‘p qavatli uylar qurilib, qariyb 65 ming fuqaro yangi xonadonga ega bo‘lgan.

Jumladan, “Yangi Namangan” shaharchasi loyihasining birinchi bosqichida 330 gektar maydonda 8 ming 500 xonadonli 184 ta uy-joy barpo etildi. Shuningdek, 145 gektar maydonda kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 10 ming yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida Namangan shahrini “bir millionlik shahar”ga aylantirish va “Yangi Namangan” shaharchasini kengaytirishni aytgan edi.

Taqdimotda shaharchaning ikkinchi bosqichi bosh rejasi ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, 272 gektar maydonda 20 ming xonadonga ega 171 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Hududda uylarni va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini to‘g‘ri joylashtirish, binolarda milliy hunarmandchiligimizga xos bezaklardan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Shaharcha hududida ish o‘rinlari tashkil etish, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish ham rejalashtirilgan.

Namangan viloyatida kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llar va ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.