Yangi tumanda yangi sanoat korxonasi ishga tushdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi. Tashrifdagi birinchi manzil Ko‘kdala tumani bo‘ldi.

Bu ma’muriy birlikni tashkil etish g‘oyasi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan edi. Oliy Majlis Senatining shu yil 17-martdagi qaroriga muvofiq, aholiga qulayliklar yaratish hamda urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish maqsadida Chiroqchi tumanining bir qismida Ko‘kdala tumani tashkil etildi.

Prezident tashrifi arafasida ushbu yangi tumanda “Chiroqchi klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi. Uning binosi yengil konstruksiyalardan qurilgan. 500 nafarga yaqin mahalliy xotin-qizlar va yoshlar ish bilan ta’minlangan.

Korxona yiliga 7 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning katta qismi “Samo” brendi ostida eksport qilinadi. Buning uchun taniqli xorijiy brendlar bilan hamkorlik rejalashtirilgan.

Tuman hududi 171 ming gektar bo‘lib, 32 ta mahalladan iborat. Loyihaga ko‘ra, Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, “Yangi O‘zbekiston” massivi, bog‘cha va maktablar, poliklinika, istirohat bog‘i, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari barpo etiladi. 159 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 50 kilometr ichimlik suvi, 80 kilometr elektr tarmoqlari quriladi.

Prezidentimiz yangi binolarni energiya tejamkor qilib qurish, uylar tepasiga quyosh energiyasi panellari o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Ko‘kdalada 500-1000 megavattlik quyosh elektr stansiyalari va quyosh panellari qorxonasini barpo etish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shu maqsadda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3 yillik dastur ishlab chiqilishi ta’kidlandi. Bu yerda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish uchun qariyb 2 trillion so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi. Joriy yilda 260 milliard so‘mlik 18 ta loyiha ishga tushiriladi.