Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq va Afrika departamenti bosh direktori bilan muzokaralar o’tkazildi

Joriy yilning 20-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq va Afrika departamenti bosh direktori Kansuke Nagaoka bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi Afg‘oniston yo‘nalishi bilan bog‘liqhamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, xususan, ushbu mamlakatdagi mavjud vaziyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yuqori martabali yapon diplomati O‘zbekistonning afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish va Afg‘onistonga iqtisodiy ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
K.Nagaoka O‘zbekiston va Yaponiyaning Afg‘oniston yangi hukumatiga nisbatan pozitsiyalari va yondashuvlari o‘xshashligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tomonidan xalqaro hamjamiyatning asosiy talablari bajarilishi, xususan, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini ta’minlash, keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Yaponiya tomoni “Markaziy Osiyo-Yaponiya” muloqot guruhi doirasida afg‘on muammosi bo‘yicha konstruktiv fikr almashishni taklif qildi.






