Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik ko'rib chiqildi

Joriy yilning 20-aprel kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov boshchiligida Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holatini hamda yuqori darajadagi tashriflar natijalari bo’yicha erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilish jarayonini o’rganishga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariyati, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi, "O'zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi, shuningdek, Energetika vazirligi ishtirok etdi.

Uchrashuv chog’ida O'zbekiston va Sharqiy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Hozirda Yaponiya bilan umumiy qiymati 6,6 mlrd. dollar bo'lgan 48 ta loyiha, Koreya Respublikasi bilan sanoat, energetika, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmatlari kabi sohalarda 9,7 mlrd. dollarlik 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Har bir tasdiqlangan loyihani amalga oshirishning joriy holatini chuqur tahlil qilib, mavjud masalalarni ko'rib chiqdilar va ularni hal etish choralari ishlab chiqildi.

Muhokama yakunlari bo'yicha mas'ul rahbarlarga yapon va koreyalik sheriklar bilan qo'shma loyihalarni jadal amalga oshirilishini ta'minlash bo'yicha aniq amaliy choralar ko'rish uchun maqsadli ko'rsatmalar berildi.