Yaponiya xalqaro hamkorlik banki raisi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yilning 14-dekabr kuni hukumat delegatsiyasining Yaponiyaga Tokioga tashrifi doirasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida qo'shma loyihalarni amalga oshirishdagi yutuqlar va yaqin kelajakda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko'rib chiqildi. JBIC-ning moliyaviy va texnik ko'magi tufayli hozirgi paytda O'zbekistonda umumiy qiymati 783,6 million dollar bo'lgan energetika, telekommunikatsiya va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi strategik muhim loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi ta'kidlandi.

Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Mitsubishi Heavy Industries kompaniyalari konsortsiumi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Navoiy viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqaradigan zamonaviy kompleksni qurish bu kabi eng yirik loyihalardan biri bo'lib, uni joriy yilning dekabr oyi oxiriga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyiha yiliga 660 ming tonna ammiak va yiliga 578 ming tonna karbamid ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, tomonlar yapon texnologiyalarini jalb qilgan holda yirik iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlarga tayanib, hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Xususan, ular "yashil texnologiyalar" sohasidagi sarmoyaviy sheriklik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, bu Yaponiya hukumati tomonidan 2050 yilgacha energiya manbai sifatida ugleroddan foydalanishni butunlay bekor qilish vazifasi nuqtai nazaridan juda muhimdir.

Shuningdek, ular amalga oshirilayotgan axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalar bilan bog'liq amaliy jihatlarni ko'rib chiqdilar.

Eksportni moliyalashtirish uchun maxsus kredit liniyalarini ajratish orqali JBIC va O'zbekiston tijorat banklari o'rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari alohida ko'rib chiqildi.

Bank rahbariyati bilan uchrashuv yakunlari bo'yicha Yaponiyaning kompaniyalari bilan birgalikda barqaror rivojlanishga hissa qo'shadigan ekologik toza sanoat ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo'yicha loyihalarni, shu jumladan atrof-muhitni muhofaza qilish va global isishning oldini olish sohalarida O'zbekistonda amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda o'rganish to'g'risida kelishuvga erishildi.

Manba: https://mift.uz/ru