Yaponiyada O‘zbekiston hududlari va Kobe shahri o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov amaliy tashrif bilan Yaponiyaning Kobe shahrida bo‘ldi.

Safar davomida shahar meri Hisamoto Kizo va Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO)ning ushbu shahardagi bo‘linmasi bosh direktori Nozava Takura boshchiligidagi tashqi iqtisodiy aloqalarga masʼul tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Kobe rahbari bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi hamda O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, so‘nggi to‘rt yilda hayotimizning barcha jabhalarida erishilgan yutuqlar taqdim etildi.

Mer Nagoya shahri kompaniyalari misolida O‘zbekistonga Kobe shahrining kichik va o‘rta biznes subyektlarini biznes yuritish uchun jalb etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishda katta qiziqish borligini qayd etdi.

Shuningdek, turizm sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon shaharlarining boy tarixiy merosini Kobe shahri aholisi uchun yoritish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Kobe universiteti va O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalar o‘rnatish masalalari o‘rganildi.