Yaponiyaning JICA tashkiloti o'zbek loyihasi uchun 490 ming AQSh dollari ajratadi

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Shahriyor Nurulloyev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktorining birinchi o‘rinbosari Yoshimasa Takemura bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Yaponiyaning JICA tashkiloti O‘zbekistonning “Ipak Yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash” loyihasi uchun 55.9 ml yen (490 ming AQSh dollari) ajratilganligi ma’lum qilindi.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4553-sonli qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, xususan, O‘zbekiston Respublikasida Buyuk Ipak yo‘li madaniy meros arxivlarini saqlash va raqamlashtirish hamda ikki mamlakat o‘rtasida madaniy merosni asrash yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: JICA tomonidan 2021-yilning 10-30-iyun kunlari O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda Termiz arxeologiya muzeylarida va Termiz shahri yaqinidagi arxeologik obyektlarda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, 2021-yil 29-oktabr kuni Madaniy meros agentligida “Ipak Yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash” loyihasining dastlabki muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
2022-yilning yanvar oyida Madaniy meros agentligida direktor Shahriyor Nurulloyev JICA vakolatxonasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Yoshimasa Takemura bilan o‘tkazgan uchrashuvida loyihaga Yaponiya tomonidan 55.9 ml yen (490 ming AQSh dollari) ajratilganligi ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyiha hujjatlarini O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida imzolash marosimini o‘tkazishga kelishib oldilar.






