Yarim yillikda O‘zbekistonda YaIM 6,2 foizga oshdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida birinchi yarim yillik natijalari asosida yil oxiriga qadar hududlar va tarmoqlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha aniq choralar belgilab olinmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘tgan 6 oyda yalpi ichki mahsulot 6,2 foizga o‘sgan. Bunga asosan sanoat 8,5 foiz, investitsiyalar 5,9 foiz va xizmatlar hajmi 8 foizga oshgani hisobiga erishildi. Inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etdi.
Ushbu davrda jami 200 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sanoatda yuqori o‘sish sur’atlari Qashqadaryoda 26 foiz, Sirdaryoda 23, Jizzaxda 15, Toshkent shahrida 14 va Namanganda 12 foizni tashkil etdi.






