«Yashil energiya» kompaniyasiga dastlabki 10 million dollar yo‘naltirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ma'lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda energetika sohasiga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilingan. Xususan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu yil 18 ta shunday stansiyalar barpo etilmoqda. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payishi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidentining shu yil 16 fevraldagi qarori bilan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan. Ta'kidlanishicha, “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilib, unga dastlabki 10 million dollar yo‘naltirildi.
Mazkur dasturga ko‘ra, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.Yig‘ilishda Prezident shu boradagi ishlarning tashkiliy va moliyaviy jihatlari bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida 220 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 1 ming 300 Megavatt va yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar tomida 15 Megavatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatiladi.






