Yashil shaharda transport tizimi - Koreya Respublikasi tajribasi

O‘zbekiston Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida yashil shahar transport tizimlari bo‘yicha eng ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida Koreya Respublikasiga Transport vazirligi xodimlarining o‘quv xizmat safari tashkil etildi.

Koreya shaharlarida joriy etilayotgan transportdan holi bo‘lgan “yashil” hududlar va jamoat transporti parki uchun elektrobuslar xarid qilishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tajribalari haqida ma’lumot olindi.

Shuningdek, Xizmat safari davomida Seul shahar ma’muriyati qoshida tashkil etilgan transport ma’lumoti xizmati (TOPIS)ga tashrif buyurilib, shahar transport tizimini operativ boshqaruv faoliyati, haydovchisiz harakatlanayotgan transport vositalarining pilot loyihalari hamda real vaqt rejimida transport va yo‘l ma’lumotlarini tahlil qilib borish imkoniyatlari bilan tanishildi.

Bundan tashqari, Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi, Koreya transport instituti hamda Seul shahri ma’muriyatining tegishli mutaxassislari bilan konsultativ uchrashuvlar o‘tkazildi.

Safar davomida, Toshkent shahrida jamoat transporti sohasini tubdan o’zgartirish, shu jumladan, yashil transport yo‘laklarini joriy etishda o‘zaro bilim va tajriba almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.