Yashnobod va Eronning Pardis texnoparklari o’rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Eron Islom Respublikasiga xizmat safari bilan tashrif buyurgan Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Tehron atrofida joylashgan "Pardis" texnoparki (texnologiyalar shahri) bilan tanishdi.

"Pardis" texnoparki 2022-yilda tashkil etilgan boʼlib, 110 gektar maydonda joylashgan. Mazkur texnopark yangi texnologiyalar yaratish uchun texnika sohasida dunyodagi soʼnggi yutuqlarni tatbiq etish, ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan yaratilgan ishlanmalarni tijoratlashtirish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʼllab-quvvatlash, sanoatning yuqori texnologik sohalarini rivojlantirish kabi maqsadlarni oʼz oldiga qoʼygan.

Tashrif doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi "Yashnobod" innovatsion texnoparki va Eron Islom Respublikasining "Pardis" texnoparki oʼrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Imzolangan memorandum doirasida "Pardis" texnoparki tomonidan ishlab chiqariladigan asbob-uskuna va texnologiyalarning transferini amalga oshirish imkoniyati paydo boʼladi.

Shuningdek, "Pardis" texnoparkida faoliyat yuritayotgan inkubatsion markazlar va "Yashnobod" innovatsion texnoparki oʼrtasida "Biznes-inkubator" loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha natijasida yoshlarimizning innovatsion tadbirkorlik boʼyicha bilim olishlari kutilmoqda, qolaversa bu Oʼzbekistonda startap loyihalarni rivojlantirishga koʼmak beradi.

"Pardis" texnoparki va "Yashnobod" innovatsion texnoparki oʼrtasida mahalliy tarmoq korxonalari ehtiyojlari asosida umumiy qiymati 2 mln. АQSh dollari miqdorida qoʼshma startap loyihalar tanlovini oʼtkazish va tanlov natijalariga koʼra muvaffaqiyatli amalga oshirilgan startaplar asosida yangi mahsulotlarning ishlab chiqarilishini kengaytirishga kelishib olindi.