Yerga o‘xshash ikkita sayyora aniqlandi

Ispaniya olimlari GJ 1002 yulduzi atrofida Yerdan 16 yorug‘lik yili masofasida aylanib yuruvchi ikkita yangi ekzosayyora topilganini ma‘lum qildilar. Qayd etilishicha, olimlar sayyoralar yuzasida nafaqat suv, balki kislorod bor-yo‘qligini ham aniqlash istagida.
Kosmik me’yorlarga ko‘ra, GJ 1002b va GJ 1002c ikkita yangi ekzosayyora bo‘lib, Yerga yaqin joylashgan.
Mutaxassislar u yerda hayot uchun mos sharoitlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bunday sayyoralar suv va hayot mavjud bo‘lishi uchun juda issiq ham, sovuq ham emas.
“Ayni damda bu ikki sayyora Yerga o‘lchami va massasi jihatidan o‘xshash ekani ma’lum, ammo u yerda yashash omili bor yoki yo’qligi haqida gapirishga hali erta. Buning uchun qo’shimcha tadqiqotlar olib borishimiz kerak”, — deya ta’kidlagan Ispaniyaning Kanareyka astrofizika instituti xodimi Vera Mariya Pessenjer.
GJ 1002b va GJ 1002c sayyoralarini aniqlash uchun olimlar fazoning ushbu mintaqasining 100 dan ortiq tasvirini o‘rganib, yulduz yorug‘ligini tahlil qilgan. Ma’lumotlar Yerga o‘xshash ikkita sayyora borligini ko‘rsatgan. Olimlar fikricha, GJ 1002c sayyorasida bir yil atigi 20 kun davom etadi.
Bugungi kunga qadar astronomlar Quyosh tizimidan tashqarida 5 mingdan ortiq sayyoralar mavjudligini tasdiqlagan. Yangi texnologiyalar nafaqat yangi sayyoralarni topish, balki ularning ichki va atmosfera tarkibini o‘rganish imkonini beradi.






