YETTB bilan 7 million yevrolik grant loyiha amalga oshiriladi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston YETTB bilan 7 million yevrolik grant shartnomasini imzoladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Londondagi shtab kvartirasida 1 sentabr kuni mazkur shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB)ning Yadro xavfsizligi departamenti direktori Baltazar Lindauer o‘rtasida O‘zbekistonning Chorkesar va Yangiobod maxsus poligonlarini rekultivatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha grant loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Qolaversa, 2021 yilda Davlat ekologiya qo‘mitasi va YETTB o‘rtasida konsultativ yordam ko‘rsatilishi uchun 2 million yevro miqdoridagi birinchi bitim imzolangan edi. Jami 9 million yevro miqdoridagi grant loyihasi bank tomonidan Markaziy Osiyo uchun Atrof-muhitni reabilitatsiya qilish ekologik hisobi maxsus fondi hisobidan moliyalashtiriladi.
Grant loyihasi doirasida 2022-2025 yillar davomida maxsus uchastkalarini ekologik sog‘lomlashtirish va rekultivatsiya qilish tadbirlari amalga oshiriladi. Rekultivatsiya ishlari 2023 yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, taxminan ikki yil ichida yakunlanadi.
Shuningdek, YETTB O‘zbekistonda metan emissiyasini kamaytirish dasturini ishlab chiqishga yordam berishi ma’lum qilingandi.






