YeTTB Samarqand shahrini elektrobuslar bilan ta’minlaydi

Bundan tashqari YeTTB energetika hamda kommunal xo‘jaligini rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (ETTB) barqaror rivojlanish guruhi boshqaruvchi direktori Nandita Parshad va Markaziy Osiyo boʼyicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

YeTTB vakillari Oʼzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy oʼzgarishlarning koʼlami, surʼati va izchilligini yuqori baholab, Bankning energetika, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor sohalardagi islohotlarga moliyaviy hamda maslahat yordamini davom ettirish niyatini tasdiqladi.

Uchrashuvda hududlarda uy-joy kommunal xoʼjaligi va infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport sohasi va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishga YeTTBning yuqori darajada jalb etilganligi alohida qayd etildi.

“Yashil shaharlar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan hamda shahar infratuzilmasini atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish va atmosferaga chiqarilayotgan uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida uni transformatsiyalashga qaratilgan Samarqand shahri uchun elektr avtobuslar sotib olish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Loyihani amalga oshirishga oid masalalar va muddatlar, shuningdek, uni jadal joriy etish yuzasidan hamkorlik qilish yoʼllari belgilab olindi.

Shuningdek, tomonlar Xorazm va Buxoro viloyatlarida yuqori kuchlanishli elektr liniyalarini qurish boʼyicha yangi loyihani amalga oshirish bilan bogʼliq masalalarni muhokama qildilar. Loyiha Oʼzbekistonda davlat kafolatisiz olingan qarz evaziga amalga oshiriladigan YeTTBning birinchi loyihasi boʼladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining institutsional rivojlanishini va salohiyatini yuksaltirish boʼyicha hamkorlik qilishga kelishildi.