Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga qarshi sanksiyalar joriy qilishi mumkin

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga urushda shikastlangan tanklarni taʼmirlash uchun kir yuvish mashinalari va eski mashinalar sotib olishga yordam berayotgan davlatlarga savdo cheklovlari joriy qilishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph nashri xabar bermoqda.

Savdo oqimini kuzatuvchi rasmiylar Rossiya Federatsiyasi va Kremlning Markaziy Osiyodagi anʼanaviy ittifoqchilari oʻrtasida isteʼmol tovarlari savdosi sezilarli darajada oshganini kuzatishgani xabar qilingan.

The Telegraph nashri qo‘lga kiritgan maxfiy hujjatga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya Federatsiyasiga faol yordam berayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan savdo cheklovlarini joriy etish rejalarini muhokama qilmoqda.

“Faolligi 60-80 foizga oshgan yangi savdo yoʻllari Rossiya tomonidan oʻz harbiy mashinasini falaj qilishga qaratilgan sanksiyalarni chetlab oʻtish uchun foydalanilmoqda, degan xavotir bor”, — deyiladi hisobotda.

Qayd etilishicha, agar YeI Rossiyaga reeksport dalilini topsa, istalgan davlat, korxona yoki jismoniy shaxsning o‘zining yagona bozoriga kirishini cheklashi mumkin.

"Biz boshqa mamlakatlardagi jismoniy va yuridik shaxslarga kuchli signal berishimiz kerak", - deyiladi maxfiy hujjatda.

Hujjatda qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi davlatlarga eksport qilinadigan tovarlar orasida asosan kir yuvish mashinalari, eski mashinalar va kameralar bor. Ko‘plab tovarlar demontaj qilinmoqda, yarimo‘tkazgichlar va boshqa komponentlar Rossiya tanklari, bronetransportyorlari va dronlarini tiklashda foydalanilmoqda, degan xavotirlar bor. Bunday "ehtiyot qismlar" ko'pincha Ukraina hududida topilmoqda.

Yevropa Ittifoqidan chiqadigan tovarlarning aksariyati Litva bilan quruqlik chegarasi orqali Belorussiyaga jo‘natiladi va keyin Markaziy Osiyoga reeksport qilinadi. Hisobotda aytilishicha, Yevropa Ittifoqi rasmiylari eksport deklaratsiyasini yuklar yo‘qolishi va ehtimol Rossiyaga ko‘chirilishidan oldin ittifoqning tashqi chegarasigacha kuzatishi mumkin.

“Bu juda katta muammo. Sanksiya tuzilmasining asosiy qismi buzilmoqda”, — dedi Yevropa Ittifoqidagi yuqori martabali diplomatik manba.

“Koʻpchilik tovarlar Yevropa Ittifoqidan Belarus bilan quruqlikdagi chegara orqali chiqib ketadi. Polsha boʻshliqni yopish uchun chegarani yopdi, biroq Litva va Minsk oʻrtasidagi yoʻnalish hali ham ochiq. Vilnyusning xabar berishicha, uning Belarus bilan chegarasi orqali savdoning 97 foizi boshqa YeI'ga aʼzo davlatlar bilan toʻgʻri keladi”, — deyiladi nashrda.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi rasmiylari birinchi navbatda Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik muzokaralar olib borishni, ularni oqibatlaridan ogohlantirishni rejalashtirgan. Moskvaning mintaqadagi eng yaqin hamkorlaridan biri boʻlgan Qozogʻiston allaqachon mamlakat orqali oʻtayotgan tovarlarni nazorat qilishga vaʼda bergan.