Yevropa Ittifoqi Ukrainani tiklash uchun maxsus fond yaratishni rejalashtirmoqda

Ma’lumotlarga ko’ra, Yevropa Ittifoqi Ukrainaning tiklanish jarayonini moliyalashtirish uchun maxsus trast fondini tashkil etishni rejalashtirmoqda, fondni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar uning a’zosi bo‘lgan davlatlar hisobidan qoplanadi.

Fondni yaratishda Yevropa komissiyasi, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi ishtirok etadi.

Qayd etilishicha, Ukrainani tiklash yo‘lidagi muammolardan biri mamlakatda keng tarqalgan korrupsiya bo‘ladi. Shu bois, jamg‘arma ishtirokchilari unga qarshi kurashish bo‘yicha samarali nazorat organlarini yaratish masalasini ham muhokama qiladi. Birinchi qadam sifatida komissiya Jahon banki bilan birgalikda moliyaviy ehtiyojlarni har tomonlama baholaydi.

Ukraina hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning hududidagi harbiy harakatlar natijasida mamlakatga yetkazilgan zarar bir trillion dollarga baholanmoqda. Dastlabki yordamning asosiy qismi infratuzilmani qayta qurish va davlat xizmatlarini ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.