Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi bilan uchrashuv tashkil etildi

Joriy yilning 23-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Devid Makallisterni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi, parlamentlararo muloqotni faollashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan bugungi maslahat uchrashuvi hamda joriy yil 31-yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasining 15-yig‘ilishining samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, Yevropa Ittifoqining yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish zarurligi qayd etildi.
Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar bilan birgalikda Orolboʻyi mintaqasining ekologik jihatdan zaif mintaqasida ijtimoiy yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.






