YEXHTning amaldagi raisi – Shvetsiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

 
2021 yil 1 oktabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayevaning YEXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri A.Linde bilan videokonferensiya formatida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
 
Mamlakatimiz va YEXHT o‘rtasida konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston-Shvetsiya hamkorligini yanada kengaytirish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
 
A. Linde O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, O‘zbekiston va YEXHT o‘rtasida jadal rivojlanayotgan munosabatlarni yuksak baholadi hamda qo‘llab-quvvatladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyatining xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ochiq va puxta o‘ylangan siyosati tufayli ikki tomonlama munosabatlarda katta yutuqqa erishilgani ta’kidlandi.
 
Bo‘lajak prezident saylovida YEXHT DIIHBning to‘liq tarkibli missiyasi va yuqori darajadagi YEXHT PA delegatsiyasining ishtirok etishi, tashkilot saylovga alohida e’tibor qaratayotganidan dalolat ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
 
Shvetsiya parlamenti saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga ham qiziqish bildirdi.
 
Gender tenglik masalalarini ilgari surish, bolalar va majburiy mehnatga barham berish hamda boshqa sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
 
O‘zbekiston va YEXHT o‘rtasidagi samarali aloqalarni davom ettirishdan manfaatdorlik bildirildi.