Yil boshidan turizm eksporti hajmi 926 million dollarni tashkil etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yili turizm uchun pandemiyadan keyin qayta tiklanish davri boshlanganini taʼkidladi. Jumladan:
sentabrgacha boʼlgan davrda yurtimizga kelgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravarga koʼpaydi va 3,1 million nafarni tashkil etdi;
yil boshidan turizm eksporti hajmi 926 million dollar boʼldi (2019-yil davomida 951 million dollar boʼlgan);
yurtimizga kelgan mehmonlarning sayohati oʼrtacha 4-5 kungacha, sarflagan mablagʼi 305 dollargacha koʼpaydi (bu 2019-yilda oʼrtacha 3 kunni tashkil etib, ular 195 dollar sarflagan);
Ichki sayohat qiluvchilar soni ham oʼtgan yilga nisbatan 3,5 baravarga oʼsib, 7,5 million nafarni tashkil qildi.
Turizmda topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qoʼliga ish haqi boʼlib borishi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmasligi koʼrsatib oʼtildi. Turizm sohasida yaratilgan bitta ish oʼrni turdosh tarmoqlarda qoʼshimcha ikkita ish oʼrni paydo boʼlishiga turtki beradi.
Buni tushungan viloyat, tuman va shahar hokimlari tadbirkorlar bilan ishlab, sayyohlar keladigan joylarni koʼpaytirayapti.






