Yil yakuniga qadar 20 ming gektar ekin maydoni aholiga boʼlib beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.

“Iqlimning keskin oʼzgarayotgani, koʼp davlatlarda qurgʼoqchilik boʼlgani oqibatida butun dunyoga oziq-ovqat yetishmovchiligi xavf solmoqda.

Xalqaro maydondagi vaziyat tufayli global ishlab chiqarish zanjirlarining uzilishi, logistikadagi muammolar sababli koʼpchilik davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga cheklovlar qoʼyayotganini ham koʼrib turibsizlar.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari bunday sharoitda oʼz hududida ichki talabni toʼliq taʼminlash va eksportni oshirish boʼyicha imkoniyatlarini hisob-kitob qilishi shart.

Lekin, hali koʼp hokimlar buni tushunib yetmayapti”, dedi davlatimiz rahbari soʼzining avvalida.

Bu yil 80 ming gektar maydon paxta va gʼalladan qisqartirilib, aholiga boʼlib berildi. Bugun imzolangan Prezident qaroriga koʼra yil yakuniga qadar yana 20 ming gektar ekin maydoni aholiga boʼlib beriladi. Kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholiga tanlov asosida ajratiladi. Buning hisobiga, 1 million 200 ming nafar aholini band qilish uchun sharoit yaratiladi.