Yo'l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona axborot tizimi ishga tushiriladi

2023-yil 1-yanvargacha Yo'l harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimi ishga tushiriladi. Shuningdek, 2022-yil 1-noyabrdan haydovchilik uchun beriladigan tibbiy ma'lumotlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi va Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
“Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan o'tkazish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, haydovchilarni tayyorlashda o'quv soati haftasiga 20 soatgacha, kunlik 4 soatgacha rejalashtiriladi.
Haydovchilarning malakasini oshirganlik bo'yicha sertifikatlar faqat elektron rasmiylashtiriladi.
Amaliy imtihonlarda “B” toifa uchun ishlab chiqarilganiga 5 yildan ko'p bo'lmagan, boshqa toifalar uchun 10 yildan ortiq bo'lmagan transportlardan foydalaniladi.
O'quv dasturlarini Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Yagona namunadagi animatsiyali nazariy imtihon savollari 1 000 tadan kam bo'lmagan miqdorda tasdiqlanadi.






