Yo'qolish arafasiga kelib qolgan soha klaster darajasiga yetdi

"Bright Uzbekistan" xalqaro axborot platformasi jamoasi Surxandaryo viloyatiga ijodiy safari doirasida "Oʼzbekipaksanoat" uyushmasi raisining gilamchilik yoʼnalishi boʼyicha oʼrinbosari Muxbillo Rahmonqul bilan eksklyuziv uchrashuv oʼtkazdi.

Uchrashuv davomida ipakchilik sanoatining yaqin tarixi va kelgusidagi istiqbollari xususida soʼz bordi.

Jumladan, bir vaqtlar turli obʼektiv va subʼektiv sabablar bilan yoʼqolish arafasiga kelib qolgan ushbu sohani klaster usuliga oʼtkazib, tayyor mahsulot ishlab chiqarib, uni eksport qilish yoʼlga qoʼyildi. Аyni uyushma sohadagi tadbirkor va ishbilarmonlarning boshini qovushtirdi.

Аslida yengil sanoatda muhim oʼrin tutuvchi ushbu yoʼnalish ham Prezidentimiz eʼtibori va qabul qilingan meʼyoriy xujjatlar mevasidir. Davlat rahbarining “Oʼzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʼlchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni bilan Pillachilik va qorakoʼlchilikni rivojlantirish qoʼmitasi tashkil etildi.

Qoʼmitaning asosiy vazifasi etib pillachilik va qorakoʼlchilik sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, shuningdek, ushbu tarmoqlarni yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirish edi. Bundan tashqari tut plantatsiyalari va yaylovlarning qatʼiy hisobini yuritish va fondini oʼrganish, shuningdek, pillachilik va qorakoʼlchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash, ipak qurti va qorakoʼl zotli qoʼylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish, pilla va qorakoʼl terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xomashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish va boshqa qator vazifalar qoʼmitaning asosiy ishi boʼldi.

Yoʼnalishda tashkil etilgan uyushma esa qoʼmitaning suyanchigʼi boʼldi. Tadbirkorlarning boshini birlashtirish sohadagi ishlarini rivojlantirishda qoʼmita uyushma bilan hamkorlikni keng yoʼlga qoʼygan. Аyniqsa, gilamchilik yoʼnalishida olib borilayotgan ishlar, tayyor mahsulotlar eksportini qoʼshni davlatlarga amalga oshirish va haridorlar safini kengaytirishda uyushmaning oʼrni alohida boʼlayotgani uchrashuvda alohida taʼkidlandi.

Suhbat davomida "Bright Uzbekistan" xalqaro jurnali va uyushma oʼrtasidagi oʼzaro hamkorlik borasida ham soʼz yuritildi. Uyushma tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sohadagi yangiliklar platforma orqali keng yoritib boriladigan boʼldi.