“Yosh vatandoshlar reestri” ishga tushiriladi

“Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi
Qarorga muvofiq, 2022-yil iyundan xorijdagi nufuzli OTMda o'qiyotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan O'zbekiston yoshlari (yosh vatandoshlar)ga vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda ishlashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:
yosh vatandoshlar faoliyati davomida xizmat turar joylari bilan ta'minlanadi;
davlat organlari va tashkilotlarida kamida 2 yil ishlagan yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali va foizlarning bir qismini qoplashga subsidiya beriladi.
2022-yil 1-iyungacha “Yosh vatandoshlar reestri” elektron tizimi ishga tushirilib, mazkur tizim xorijdagi vatandosh olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar ochiq ro'yxatdan o'tadigan platformaga integratsiya qilinadi.
Har yili 1-martgacha davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi malakali yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarni kelgusida yuqori lavozimga tayinlash bo'yicha asoslangan takliflarni Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga beradi.
Agentlik 1-aprelgacha takliflarni o'rganib Prezident Administratsiyasiga tavsiya kiritadi.






