Yoshlar ishlari agentligiga qator vakolatlar beriladi

Yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish Yoshlar ishlari agentligining asosiy vazifalari sifatida belgilangan.

Maxsus vakolatli davlat organi sifatida Yoshlar ishlari agentligiga yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat olib borish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etish, yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf qilish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatlari berilmoqda.

Shuningdek, maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi to‘g‘risida asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish talabi bilan so‘rovlar yuborishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Qonun bilan Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoyalash sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda Qonun qabul qilinishi yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlarning nazoratsizligi va huquqbuzarligi profilaktikasi, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi Yoshlar ishlari agentligining vakolatlarini huquqiy jihatdan belgilashga hamda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga asos bo‘ladi.