YTTB va Oʼzbekiston o’rtasidagi koʼp qirrali hamkorlik

Joriy yilning 22-mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Uchrashuv chogʼida YTTB va Oʼzbekiston oʼrtasida ustuvor yoʼnalishlardagi hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, xususiy sektorni rivojlantirishni qoʼllab-quvvatlash, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakat iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ekologik toza energiya va resurslarga doir yechimlarini ilgari surishdan iborat boʼlgan YTTBning 2018-2023-yillarga moʼljallangan Mamlakatlar strategiyasini amaliyotga joriy qilish boʼyicha navbatdagi tadbirlar koʼrib chiqildi.

Investitsiyaviy hamkorlikning joriy holati oʼrganildi. Hozirgi kunda YTTB moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar portfelining umumiy qiymati 1,7 mlrd. yevroga teng 57 ta loyihadan iborat. Tomonlar joriy loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish boʼyicha keyingi qoʼshma harakatlarni muhokama qildilar, shuningdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolanishi rejalashtirilgan yangi loyihaviy tashabbuslarining muhim jihatlarini muhokama qildilar.

Toʼqimachilik sanoatida kooperatsiyani faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. YTTB Prezidenti “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʼzbek toʼqimachiligiga eʼlon qilingan boykotni bekor qilinishini olqishlab, Oʼzbekistonda loyihalarni amalga oshirishga xorijiy xususiy sektor kompaniyalarini jalb etish borasida koʼmaklashishga tayyorligini bildirdi.