Yurtimizda ayollar ko‘z yosh to‘kmaydigan jamiyat qurishimiz kerak – Prezident

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga safari doirasida Orol dengizining qurigan tubidagi vaziyatni ko’zdan kechirib, Beltovdagi bunyodkorlik ishlari va Shumanaydagi iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi.

O‘tgan yillarda dengizning suv qurigan qismida 1 million 524 ming gektar to‘qayzor barpo etilgan. Buning uchun saksovul, qorabo‘roq, qandim, cherkez kabi cho‘l o‘simliklaridan qariyb 6 ming tonna urug‘ tayyorlanib, qiyin sharoitlarda ekilgan. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchi qatnashib, 1 ming 600 dona texnika, samolyotlar jalb etilgan.

Joriy yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplama” barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda shundan 26 ming gektarida ish boshlangan, 562 tonna urug‘lar tayyorlangan. Shuningdek, 100 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil qilinmoqda. Prezidentimiz bu yerda ekologlar va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari bilan suhbatlashdi.

Shuningdek, Prezident Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanidagi “Beltov” ovul fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

“Oxirgi yillarda Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibor berib, katta kuch va resurslarni jalb etganimiz. Bu o‘z natijasini berayapti. Odamlar yo‘limiz to‘g‘riligiga ishondi. Endi yangi marralar qo‘yganmiz. Hamma katta tashkilotlar, hokimliklar jamoasi bilan kelib, aniq loyihalar ishlab chiqayapti. Maqsadimiz - odamlarni rozi qilish, tumanlarni kompleks rivojlantirish. Taxtako‘pirning ham mavqeini tiklaymiz”, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari ayollar turmushini yaxshilash masalasiga alohida to‘xtaldi. “Yurtimizda ayollar ko‘z yosh to‘kmaydigan jamiyat qurishimiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tashrif doirasida Prezident Shumanay tumanidagi “Shumanay ekoteks” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

2020-yilda ishga tushirilgan ushbu korxona 7 ming tonnadan ziyod ip-kalava tayyorlash quvvatiga ega. O‘tgan yili 51 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 5 million dollarlik eksport qilingan. Shu paytgacha hududdagi eng katta muammo ishsizlik edi. Mazkur korxona aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlashda muhim bo‘ldi. Bu yerda 500 ta ish o‘rni tashkil etilgan.