YXHTning amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv o’tkazildi

Joriy yilning 3-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va YXHT o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston-Polsha munosabatlarini yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tashkilot faoliyatining barcha uch ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha YXHT institutlari bilan hamkorlik jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, demokratik institutlarni rivojlantirish, saylov qonunchiligini takomillashtirish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

YXHT vakillari o’zaro manfaat kasb etadigan sohalarda qo’shimcha aniq loyihalarni ishlab chiqish orqali O’zbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan madaniyat, fan, oliy taʼlim, maʼrifat va sport sohalaridagi Hukumatlararo ijro dasturi imzolandi. Hujjatda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.