«Zapravka»larda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tashkil etiladi

"Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan savdo va biznes markazlari, ko'ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llari bo'yidagi infratuzilma obyektlarining loyihalariga majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabi belgilanadi.

2024-yil yakunigacha respublikada elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari sonini kamida 2 500 taga yetkazish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Bunda:

    2023-yil davomida elektr uzatish tarmoqlari, transformator punktlari va nimstansiyalarga tutash hududlardan 1500 ta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o'rnatish uchun yer uchastkalari auksionga chiqarilishi;
    xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llariga tutash hududlarda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari, transformator punktlari va nimstansiyalari yaqinida kamida 500 ta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari barpo etilishi;
    2023–2024-yillarda kamida 500 ta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun yer uchastkalari “K–SAVDO” AAT orqali auksion savdolariga chiqarilishi nazarda tutiladi.

Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan:

    tadbirkorlarga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasi manbalarida harakatlanuvchi transportlarni quvvatlantirish maqsadida elektr energiyasini sotish (realizasiya qilish) huquqi beriladi;
    transportlarni quvvatlantirish xizmatining tarifi (narxi), elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qat'i nazar tadbirkorlar tomonidan mustaqil belgilanadi.