Zelenskiy Putinga muzokara o‘tkazishni taklif etdi

“Yana bir karra Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilmoqchiman. Ukrainaning butun hududi bo‘ylab janglar bormoqda. Keling, insonlarning halok bo‘lishini to‘xtatish uchun muzokaralar stoliga o‘tiraylik”, degan Zelenskiy Putinga murojaatida.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy RF prezidenti Vladimir Putinga Donbassdagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif etdi.
Sal avval Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Rossiya istalgan vaqtda muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini, ammo buning uchun Ukraina qurolli kuchlari qurol tashlashi kerakligi haqida bayonot qilgan edi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qilgan edi va RF rahbarining murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlangandi.
Shundan so‘ng dunyo hamjamiyati RFning Ukrainaga bosqinini qattiq qoralab, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.






