«Zo'ravonlikka qarshi kurashda to'laqonli ishlaydigan mexanizmni yaratish zarur» - Saida Mirziyoyeva

Bugun Toshkentda BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning Jenevadagi boʻlimi bosh direktori Tatyana Valovaya ishtirokida «Zo‘ravonlikka qarshi kurashni institutsionallashtirish. Mediada gender-ta'sirchan obrazlarni yaratish» mavzusiga bag'ishlangan xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi.

Konferensiyani Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha sho''ba mudiri Saida Mirziyoyeva o'z nutqi bilan ochib berdi.

«Agar mendan so'nggi 7 yil ichida jamoangiz bilan eng ko'p qaysi muammoni muhokama qilgansiz deb so'ralsa, hech ikkilanmasdan tengsizlik va zo'ravonlik degan bo'lar edim.

Nega bu mavzu biz uchun bunchalik muhim? Nega ushbu vaziyatdan chiqish yoʻlini tinimsiz, astoydil qidiryapmiz? Xalqaro institutlarga murojaat qilib, ulardan koʻmak soʻrayapmiz va tajribalarini oʻrganyapmiz. Loyiha ketidan loyiha yaratyapmiz, muammolarning sababini oʻrganyapmiz, lekin barcha harakatlarga qaramay bu borada hali biron bir arzigulik oʻzgarish boʻlgani yoʻq nazarimda», - deya qayd etdi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek u oʻz nutqida zo'ravonlikka nisbatan jamiyat sabrli bo'lmasligi kerakligini ta'kidladi:
«Barcha qonunlarimiz tenglikka asoslangan, lekin biz zoʻravonlikka nisbatan juda sabrlimiz. Menimcha endilikda zoʻravonlikning har qanday koʻrinishiga ayollargina emas, birinchi navbatda davlatning oʻzi qarshi ekaniga urgʻu berishimiz lozim»

Shu bilan birga Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha sho''ba mudiri zo'ravonlikka qarshi kurashda davlat organlari, nodavlat sektor hamda OAVning birgalikdagi faoliyatini talab etadigan mexanizmini yaratish lozimligini qayd etdi:
«Oiladagi zoʻravonlikni rosmana jinoyat deb baholash vaqti keldi!
Zo'ravonlikka qarshi kurashning barcha bosqichlarida to'laqonli ishlaydigan mexanizmni yaratish zarur. Bu esa hamma tegishli idora va vazirliklar, shuningdek nodavlat sektor hamda OAVning birgalikdagi faoliyatini talab etadi.»

Konferensiyada shuningdek xalqaro espertlar, Oliy majlis deputatlari, davlat va nodavlat tashkilotlari a'zolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Ma'lumot o'rnida, mazkur xalqaro konferensiya Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan BMTning Aholishunoslik fondi jamg'armasi ko'magi ostida tashkil etildi.