200 ming so‘mlik banknotalar muomalaga chiqariladi

Joriy yilning 15-iyulidan nominal qiymati 200 ming so‘m bo‘lgan banknot shaklida pul belgilarini muomalaga chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur banknot mavzusi (tematikasi) “Buyuk Ipak yo‘li” hamda mamlakat hududidagi Farg‘ona vodiysining qadimiy tarixiga bag‘ishlangan.

Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “200000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.

Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 4 mm ko‘k rangli, «siljish» effektiga, «UZB» yozuviga ega bo‘lgan, mikrooptik va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy rangi — feruza rangda bo‘lib, boshqa ranglar bilan uyg‘unlashgan.

Banknotlar himoyalangan qog‘ozda chop etilgan bo‘lib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplangan.

P.S. Bungacha eng yirik banknot nominal qiymati 100 ming so‘m bo‘lgan banknot hisoblangan.