22 turdagi isteʼmol va oziq-ovqat mahsulotlari bojxona bojlaridan ozod etiladi

Prezident aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlashni qoʼllab-quvvatlash choralari yanada kengaytirilishini taʼkidladi.
Buning uchun, 2023-yil 1-yanvarga qadar:
22 turdagi isteʼmol va oziq-ovqat mahsulotlari (goʼsht, baliq, sut mahsulotlari, meva, oʼsimlik yogʼi) bojxona bojlaridan ozod etiladi;
oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qoʼllash toʼxtatib turiladi;
davlat xaridlarida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish boʼyicha cheklovlar vaqtincha bekor qilinadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasining bozordagi narx-navoni asossiz oshirish, raqobatni buzish, bozorga kirishga toʼsqinlik qilish holatlari boʼyicha vakolatlari kuchaytiriladi.
Viloyat hokimlariga oʼz hududida yetishmaydigan mahsulotlarni import qiluvchi tadbirkorlarga kredit berish, logistika va import qilish bilan bogʼliq barcha jarayonlarda amaliy yordam koʼrsatish topshirildi.
Yigʼilishda soha mutasaddilari va hududlar rahbarlari mavjud holat va belgilab berilgan vazifalar ijrosini qanday taʼminlashlari yuzasidan hisobot berdi.






