5 gramm tuz va 25-30 gramm shakar organizm uchun kunlik meʼyor hisoblanadi

JSST tavsiyasiga koʼra, bir choy qoshiq — 5 gramm yodlangan osh tuzi, 25-30 gramm shakar (shirinlik va boshqa ozuqa mahsulotlari tarkibidagi shakar ham hisobga olingan) organizm uchun kunlik meʼyor hisoblanadi. Ularni haddan ortiq isteʼmol qilish yurak, buyrak va qon aylanish tizimida salbiy oʼzgarishlarga olib keladi.

Sogʼliqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi Guli Shayxova sogʼlom ovqatlanishning bir nechta muhim qoidalari haqida aytib oʼtdi.

Jumladan, “Fast-fud” va boshqa tez pishar mahsulotlar ortiqcha vazn, semirish va qandli diabet kabi xastaliklarning eng asosiy sababchisidir. Shu bois ushbu yeguliklardan butunlay voz kechgan ma’qul.

Meva-sabzavotlar foydali ozuqa moddalari va fermentlarga boy. Shu bois ulardan kuniga kamida 400 gramm isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Issiqxonalarda yetishtirilgan mahsulotlarga haddan ortiq kimyoviy ishlov berilishi sababli oʼzining foydali xususiyatlarini yoʼqotadi. Ularni imkon qadar tanavul qilmaslik kerak.

Koʼp ovqat tanavul qilish ham organizm uchun zararli. Shuningdek, taomni shoshilmay iste’mol qilish, chalgʼituvchi tashqi omillar — televizor koʼrish, kompyuterda ishlashdan esa xoli boʼlish tavsiya qilingan.

Kunlik taomnomada sutli mahsulotlar — qatiq, yogurt, pishloq, suzma, tvorog, brinza boʼlishiga eʼtibor qaratish muhim. Chunki ular suyaklarni mustahkamlab, osteoporoz rivojlanishining oldini oladi.

Bundan tashqari kuniga oʼrtacha 2-3 litr suyuqlik (gazsiz mineral suv, mevali, kam yogʼli sutli ichimliklar, quritilgan mevalarning qaynatmalari) ichish tavsiya etiladi. Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar isteʼmoli esa qat’iyan taqiqlanadi.