Аnomal sovuqdan kimlar saqlanishi kerak?

Xabar berilganidek, shu hafta davomida O’zbekiston hududida anomal sovuq kuzatiladi. Havoning o’zgarishi inson salomatligiga qanday taʼsir etadi? Uning zararli oqibatlaridan saqlanish usullari nimalardan iborat? Sogʼliqni saqlash vaziri oʼrinbosari shu haqda tavsiyalar berdi.
“Qattiq sovuqda koʼpincha qon tomirlarining keskin torayishi kuzatiladi. Аyniqsa, gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insulьt va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan ogʼrigan bemorlarga bunday noqulay ob-havo salbiy taʼsir koʼrsatadi. Ularni bosh va yurak sohasidagi ogʼriqlar bezovta qiladi,” — deydi vazir oʼrinbosari.
Shuningdek, bronx va oʼpka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zoʼrayadi. Yaʼni uydan koʼchaga chiqqanda, bronxospazm yoki stenokardiyaning xuruj qilish xavfi ortadi. Shu sababli bunday insonlar shifokor tavsiyasi bilan yonida doimiy ichib yuradigan dorilarini olib yurishi shart.
Qolaversa, anomal sovuq teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuviga ham sabab boʼlishi mumkin. Chunki bunday sharoitda tana aʼzolarining muzlab qolish ehtimoli yuqori.
Shu bois sovuq qotishning oldini olish uchun koʼchaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish lozim. Bunda, qoʼlqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Аyniqsa, bosh va yirik qon tomirlari joylashgan boʼyin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi boʼyindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan taʼminlaydi.
Аnomal sovuqda alkogol va tamaki isteʼmol qilishdan voz kechgan maʼqul. Boisi bu zararli odatlar qon tomirlarini keskin toraytirib, qoʼl va oyoqning qisqa muddatda muzlashiga sabab boʼlishi mumkin.
Sovuq kunlari ertalab, albatta, nonushta qilish kerak. Och qolish tananing tez muzlashi va immunitet zaiflashishiga sabab boʼladi. Isteʼmol qilinadigan taomlar kaloriyasi issiq kunlarga nisbatan 25-30 foizga oshirilishi maqsadga muvofiq. Bunda, issiq va suyuq ovqatlar juda foydali.
Аnomal sovuq kunlari ochiq havoda kamroq boʼlish, bolalar va keksalarning koʼchaga chiqmasligi tavsiya etiladi.






