Bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi - Prezident

Mudofaani boshqarish milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlarimizning qo‘mondonlik tarkibi, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mamlakatimiz mudofaasi va xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Sohadagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Hozirgi shiddatli geosiyosiy qarama-qarshiliklar sharoitida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, axborot xavfsizligi va boshqa sohalarda keskin muammolar paydo bo‘lmoqda. Murakkab xalqaro vaziyat, xavfsizlikka nisbatan xavf-xatar va tahdidlarning kuchayishi Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda.
"Eng katta boyligimiz bo‘lgan tinch hayotni asrash, xalqimiz farovonligini ta’minlash, kelajak rejalarimizni belgilashda ana shu holatlarning barchasini inobatga olishimiz zarur. Biz har qanday vaziyatda ham O‘zbekistonning davlat suvereniteti, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashimiz shart. Bu – bizning tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir",- dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shulardan kelib chiqib, navbatdagi ustuvor vazifalar belgilandi.
Avvalo, Qurolli Kuchlarni raqamlashtirishni jadallashtirish, sohadagi vazirlik va idoralarning barcha axborot resurslarini yagona xavfsiz axborot maydoniga birlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Mudofaani boshqarish milliy markazi bu tizimning o‘zagi bo‘ladi.
Harbiy ta’lim dasturlarini ilg‘or tajriba asosida yangilash, pedagoglar malakasini oshirish, Harbiy injenerlar maktabini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mamlakatimizning safarbarlik sohasidagi tayyorgarligi va hududiy mudofaasini tashkil etish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. Qo‘mondonlik tarkibining qo‘shinlarni boshqarish va vositalarni qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirishi zarurligi qayd etildi.
Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
"Bizga bu kuchni chetdan izlashning hojati yo‘q. Shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi", – dedi davlatimiz rahbari.
So‘zining yakunida Prezident barcha harbiylarni, butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.






