Birinchi yarim yillikda Koreyaga mahsulot eksporti 17 foizga oshdi

Oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama tadbirlar davomida Koreya Respublikasi va Oʼzbekiston Respublikasi oʼrtasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini taʼminlash boʼyicha Hukumatlararo ishchi guruhining 5-yigʼilishi videokonferentsiya shaklida oʼtkazildi.

Pandemiya va jahon inqirozining har ikki mamlakat iqtisodiyotlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʼyicha qoʼshma chora-tadbirlar kun tartibida muhim oʼrin egalladi.

Tomonlar Koreya biznesining Oʼzbekistonda ishlashga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beruvchi investitsiyaviy hamkorlik dinamikasini yuqori baholadilar. Umumiy qiymati qariyb 3,4 milliard dollarga teng boʼlgan oldindan kelishilgan yangi loyihalarni amalga oshirish boʼyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish boʼyicha kelishuvga erishildi.

Oʼzaro savdo hajmining ham oʼsishi qayd etildi. Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida Oʼzbekistondan Koreyaga eksport qilingan mahalliy mahsulotlar hajmi oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga oshdi.

Muzokaralar yakunida qoʼshma loyihalar va dasturlar ijrosini jadallashtirish boʼyicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qilish maqsadida har chorakda maslahatlashuvlar oʼtkazish amaliyotini davom ettirish boʼyicha kelishuvga erishildi.