Blogger MittiVine vafot etgan Star Med Center klinikasi vaqtincha yopildi

Toshkentda mashhur bloger Farhod Mannopov (MittiVine) vafot etgan Star Med Center xususiy klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining litsenziyalash, akkreditatsiya va tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jaloliddin Asamutdinov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki surishtiruvlar natijasida bemor Farhod Mannopov joriy yilning 3-mart kuni Toshkent shahridagi Star Med Center klinikasiga burun orqali nafas qisilishi va davomli bosh og‘rig‘i shikoyatlari bilan murojaat qilgani aniqlangan.
Marhum klinikaga kelishidan bir kun avval cho‘milish payti peshona va burun sohasi bilan suzish havzasi devoriga urilgan va jarohat olgan. O‘tkazilgan laborator tahlillar va MSKT tekshiruvlaridan so‘ng unda burun to‘sig‘ining qiyshayishi, gaymor bo‘liqlari giperplaziyasi, o‘rta va pastki burun chig‘anoqlari giperplaziyasi aniqlangan.
Shundan so‘ng bemorning roziligi bilan unda tegishli jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Fuqaroga rinoseptoplastika amaliyoti uchun endotraxeal narkoz berilgan.
Biroq operatsiya davrida marhumning ahvoli to‘satdan yomonlashgan. Olib borilgan intensiv va reanimatsion davo choralariga qaramasdan joriy yil 5 mart kuni soat 03:22 lar chamasi unda biologik o‘lim qayd etilgan.
“Ayni paytda tekshiruvlar olib borilayotgani sababli Star Med Center klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli organlar bilan birgalikda fuqaro Farhod Mannopov vafoti yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib bormoqda”, - ma'lum qildi Jaloliddin Asamutdinov.






