BMB Za’faron plantatsiyalariga minglab Baxmallik ishchilar jalb qilingan

Аyni vaqtda Jizzax viloyatining Baxmal tumanida BMB Za’faron milliy brendi ostida yetishtirilayotgan zaʼfaron dorivor oʼsimligi plantatsiyalarida terim ishlariga minglab ishchilar, olim va mutaxassislar jalb qilingan.
Mazkur yuqori sifatli zaʼfaron gullari terimida ishchilarning asosiy qismi terim bilan shugʼullansada, boshqa guruhga gullardan ustunchalarni ajratib olish uchun tajribali mutaxassislar jalb etilmoqda.
Shuni taʼkidlash joizki, zaʼfaron mahsulotini tayyor holga olib kelish uchun bir qator ishlar amalga oshirilishi talab qilinadi.
Jumladan, navbatdagi yuqori texnologik jarayonlarga kirishiladi, yaʼni Yevropaning zamonaviy quritish uskunalarida malakali mutaxassislarimiz ustunchalarni belgilangan harorat va maʼlum vaqt davomida quritishadi.
Ishchilarning soʼnggi guruhi tomonidan bajariladigan ishlarning texnologik jarayoni ham muhim hisoblanib, zaʼfaron mahsuloti oʼlchanadi va qadoqlanadi.
Zaʼfaron plantatsiyalarida mehnat qilayotgan ishchilar uchun barcha qulaylik va sharoitlar yaratilgan: issiq kiyim, oʼz vaqtida issiq ovqat, transport xizmatlari, dam olish joylari va albatta bajarilgan ishlar uchun oʼz vaqtida maoshlar toʼlanmoqda.
Hozirgi vaqtda Yevropa bozorlariga “ORO ROSSO MILANO” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli zaʼfaron mahsulotiga talab kundan kunga oshib bormoqda.
Yaqin istiqbollarda plantatsiya maydonini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu oʼz navbatida eksportbop mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga, mahalliy aholini ish bilan bandligini taʼminlashga va hududning ilgʼor rivojlanishiga xizmat qiladi.






