Buxoro, Navoiy va Surxondaryo: investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining yangi tizimi

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Buxoro tuman va shaharlari rahbarlari bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Tadbirda, shuningdek, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari hamda videokonferensiya orqali Navoiy va Surxondaryo viloyatlari tuman va shaharlari rahbarlari qatnashdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi ushbu hududlarda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini ragʼbatlantirishning yangi tizimini joriy etish, hududiy investitsiya loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlari va loyihalarni boshqarishning innovatsion usullari bilan bogʼliq masalalar boʼldi.

Ishtirokchilar uchun yangi tizimning asosiy jihatlari va xususiyatlarini ochib beruvchi taqdimot oʼtkazildi. Shuningdek, tadbirda tizim imkoniyatlaridan joylarda amaliy foydalanish, viloyat, tuman va shaharlarning iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish usullarini qoʼllash, mahallalar darajasida “Oʼsish nuqtalari”ni aniqlash va ular asosida serdaromadli va yuqori texnologik investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, investorlarni jalb qilish va ishga tushirilayotgan korxonalar faoliyatini monitoring qilish boʼyicha tushuntirishlar berildi.